15 oktabr kuni V Toshkent Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi boshlandi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz qalbi va ongiga ezgu g‘oyalarni singdirish, ma’naviyatini yanada yuksaltirish, tafakkurini boyitish kabi mas’uliyatli jarayonda milliy madaniyatimiz va san’atimizni izchil ravnaq toptirishga, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni san’atning eng nodir namunalaridan bahramand etishga, ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida o‘z ishini boshlagan V Toshkent Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesida bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi. Art Week Style.uz – 2009 san’at haftaligi doirasidagi ushbu xalqaro ko‘rgazma “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Mustaqillik maydonini ziyorat qilib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi – Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydilar.
Ko‘rgazmaning ochilishida V Toshkent Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi direktori A.Hakimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ma’naviy-ma’rifiy sohada izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar milliy o‘zlikni anglash, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviy olamini boyitish va kengaytirish, ularni milliy va umumbashariy an’analar ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Istiqlol yillarida milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash, asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish barobarida milliy madaniyat va san’atimizning o‘ziga xos yo‘nalish va uslublarini rivojlantirishning izchil mexanizmi yaratildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarga badiiy ta’lim berishning puxta tizimi yaratilgani, yurtimizda ko‘plab madaniyat va san’at koshonalari, ko‘rgazma zallari, galereyalar, tasviriy san’atga ixtisoslashgan ta’lim dargohlarining barpo etilayotgani buning dalilidir. Ayni paytda yurtimizda milliy madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan turli madaniy-ma’rifiy loyihalar iste’dod sohiblarini aniqlash, ular ijodini respublika va xalqaro miqyosda targ‘ib etish, madaniyat va san’at ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ijodiy marralar sari rag‘batlantirish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bu istiqlol yillarida sohada erishilgan yutuq va yangiliklardan dunyo xalqlarini boxabar qilish, milliy madaniyat va san’atimizni bor jozibasi bilan namoyon etish, uning qadimiy va zamonaviy badiiy an’analarga hamohangligi, betakrorligi va o‘ziga xosligini xalqaro miqyosda e’tirof etilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi tasviriy san’at sohasida erishilgan yutuq va yangiliklardan xalqimiz va xalqaro jamoatchilikni tanishtirish, san’atning taraqqiyot tamoyillari, dolzarb maqsad va vazifalarini atroflicha muhokama etish, mazkur sohadagi hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish, bu yo‘nalishda istiqboldagi chora-tadbirlarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Zamonaviy san’at biyennalesining bu galgisi «Shahar falsafasi: antropologik landshaft» mavzuiga bag‘ishlangan. Xalqaro ko‘rgazma uchun mazkur mavzuning tanlangani bejiz emas, albatta. Zero, muayyan mamlakat xalqining ma’naviyati, ruhiyati, tafakkuri va dunyoqarashi, qadriyatlari, urf-odatlari va an’analari, hayot tarzi, ma’naviy mezonlarini ifodalashda, belgilashda shaharlar alohida o‘rin tutadi. Jahon miqyosida tobora dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgan ushbu mavzuni san’at vositasida aks ettiruvchi mazkur yirik xalqaro ko‘rgazmada yurtimiz ijodkorlari bilan birga Germaniya, Daniya, Ispaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Avstriya, AQSH, Vyetnam, Janubiy Afrika Respublikasi, Polsha, Pokiston, Rossiya, Latviya, Turkiya, Finlyandiya, Fransiya, Yaponiya, Chexiya, Armaniston, Estoniya kabi o‘ttizga yaqin davlatdan musavvirlar, dizaynerlar, san’atshunoslar ishtirok etmoqda.
- O‘zbekistonga birinchi marta kelishim, – deydi yaponiyalik musavvir Nonki Nishimura. – Toshkentni, ko‘rgazma o‘tuvchi joylarni tomosha qildik. Xalqaro biyennalega yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgani tasviriy san’at va galereyalar, madaniy-ma’rifiy maskanlardan yaqqol sezilib turibdi. Ko‘rgazmalar va turli madaniy tadbirlar o‘tuvchi zallar juda muhtasham, jahonning nomdor galereyalaridan sira qolishmaydi. Yurtingiz chindan ham Markaziy Osiyoda madaniyat va san’at, ma’naviyatning o‘ziga xos markazi ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik.
Brigitta Stanke Germaniyaning Myunxen shahridan. U zamonaviy tasviriy san’atning installyatsiya yo‘nalishida ijod qiladi. Milliy libos vositasida ishlagan ijodiy ishida u ayol malohati, nafosatini mahorat bilan aks ettirishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zbek tasviriy san’ati, bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan mo‘yqalam sohiblarining ijodi bilan yaxshi tanish.
- Bunday biyennalelar ilgarilari faqat Yevropa davlatlarida bo‘lar edi, – deydi Brigitta Stanke. – Xalqaro ko‘rgazmaning O‘zbekistonda, Toshkent shahrida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotganidan juda mamnunman. O‘zbekiston tasviriy san’ati qadimiy an’analarga asoslanishi, o‘ziga xosligi, inson ma’naviyatiga katta ruhiy quvvat berishi, tomoshabinga badiiy go‘zallik va zavq bag‘ishlay olishi bilan ahamiyatlidir. Biyennale yuqori darajada o‘tayotgani xalqingizning yuksak ijodiy-intellektual salohiyatidan dalolat.
San’at va go‘zallik bayramiga aylanuvchi ushbu haftalik doirasidagi ko‘rgazmalar, uchrashuvlar, ijodiy anjumanlar, konsertlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali bilan birgalikda Yoshlar ijod saroyi, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi, O‘zbekiston madaniyati va san’ati ko‘rgazmasi zali, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent Fotosuratlar uyi, “Osiyo” galereyasi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri kabi madaniyat va san’at maskanlarida bo‘lib o‘tadi. Biyennale doirasida xorijlik san’atshunoslar, olim va mutaxassislar, ijodkorlar ishtirokida “Zamonaviy san’at – tanlash strategiyasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
O‘zA |