Qanliko‘l tumanidagi 9-maktabda tahsil olayotgan Farida Ismoilova “Yangi avlod” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi. Dutorda milliy xalq kuylarini mohirona ijro etadigan bu qiz klassika, torli musiqa asboblari nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Tanlovda yosh iste’dod egalari klassika, torli, urib va puflab chalinadigan musiqa asboblari, raqs san’ati, vokal, an’anaviy, akademik, estrada va folklor ijrochiligi bo‘yicha kuch sinashdi. Bolalar musiqa maktabi o‘quvchisi Rayhon Soburova, 13-maktab vakillari Shakarxon Toirova, Sharifjon Rajapov, 22-maktab o‘quvchilari Azizbek Kenjeboyev, Ayimxon Shamshetova kabi iqtidorli yoshlar san’ati ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu tanlovda tuman bo‘yicha 270 nafar yosh iste’dod sohiblari ishtirok etib, o‘z qobiliyat va mahoratini namoyish qildi. Tanlovning olti nominatsiyasi bo‘yicha taqdim etilgan har bir ijodiy ish sinchiklab o‘rganildi va ularning eng yaxshilari saralandi.
Nufuzli hay’at a’zolari tomonidan eng yaxshi deb topilgan 18 nafar ishtirokchi va bitta xor jamoasi tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.
– Ushbu o‘ziga xos san’at bayrami barchaga bir olam zavq -shavq baxsh etdi, – deydi tanlov g‘olibi Rayhon Soburova. – Biz yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratib berayotgan Yurtboshimizdan cheksiz minnatdormiz. Tengdoshlarim qatori boy milliy san’atimizning sirlarini puxta o‘rganib, xalqimga xizmat qilish – orzuim. Bu borada menga yaqindan yordam berayotgan ustozlarimga tashakkur aytaman.
O‘zA |