“Kelajak ovozi” respublika ko‘rik-tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi yakunlandi.
“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamkorligida o‘tkazilayotgan an’anaviy tanlov ishtirokchilari arxitektura va dizayn, axborot texnologiyalari, ratsionalizatorlik takliflari, texnik loyihalar va ishlanmalar, an’anaviy va amaliy san’at, adabiyot va publitsistika yo‘nalishlarida o‘z iqtidor va mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida iqtidorli, izlanuvchan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tanlov ham ana shunday yigit-qizlarni aniqlab, ularning loyiha va ijodiy ishlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirayotgan yoshlar safi yildan-yilga kengayib borayotir.
– Tanlov tashkil etilgan dastlabki yilda viloyatda 300 nafar yigit-qiz ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 600 nafardan oshdi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Dilmurod Fayzullayev. – Hozirgacha viloyatimizdan o‘n besh ishtirokchi mamlakat bosqichida g‘olib chiqib, ko‘rik-tanlov imtiyozlaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlov yakunida eng yaxshi loyiha va ijodiy ishlar munosib baholandi.
O‘zA |