Toshkentda maktab o‘quvchilarining kimyo fanidan 42-xalqaro Mendeleyev olimpiadasi davom etmoqda. Unda o‘n besh mamlakatdan yuzga yaqin o‘quvchi ishtirok etmoqda. Quyida ayrim ishtirokchilarningfikrlari bilan tanishasiz.
Olga Arxangelskaya, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti umumiy kimyo kafedrasi dotsenti:
- 42-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida Rossiyaning turli shahar va viloyatlaridan kelgan o‘n nafar o‘quvchi ishtirok etmoqda. Olimpiada bu safar O‘zbekistonda tashkil etilganidan nihoyatda xursand bo‘ldim. Anjumanning yuksak saviyada tashkil etilgani, o‘quvchilarning nafaqat musobaqalarda ishtirok etishi, balki madaniy hordiq chiqarishi uchun ham barcha sharoit yaratilgani tahsinga loyiq.
Yurtingizga yigirma yil avval kelgan edim. Mamlakatingiz mustaqillik yillarida tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketgani – chiroyiga-chiroy, ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shilganini ko‘rib, hayratga tushdim. Bu go‘zal diyorda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari har qanday kishini maftun etadi.
Mariana Lapushanski, “M.Eliade” nomidagi litsey o‘quvchisi (Moldova):
- Mendeleyev olimpiadasida birinchi marta ishtirok etayotganim bois nihoyatda hayajondaman. Mazkur olimpiadada qatnashayotganimning o‘zi ham men uchun katta baxt. Biz nazariy turlar masala va topshiriqlarini bajardik. Barcha savollar nihoyatda qiziqarli va mukammal tuzilgan ekan. Oldinda bizni kimyoviy tajriba jarayonlari kutmoqda. Mazkur tur topshiriqlarini ham uddalashga harakat qilaman.
Ushbu olimpiada o‘z qobiliyatimni namoyon etish bilan bir qatorda turli mamlakatlardan kelgan, xususan, o‘zbekistonlik o‘quvchi-yoshlar bilan tanishish va fikr almashish imkonini berganidan xursandman.
Arshavir Gagramanyan, “Kvant” gimnaziyasi o‘quvchisi (Armaniston):
- Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining Belarusda o‘tkazilgan musobaqalarida ham ishtirok etgan edim. O‘zbekistonda o‘tayotgan navbatdagi olimpiada o‘zining yuqori saviyada, mukammal tashkil etilgani bilan diqqatga sazovordir. Topshiriqlarni bajarish jarayonida ularning nihoyatda puxta tuzilganiga amin bo‘ldim.
Mamlakatingizda yosh avlodning kamol topishi, ilm olishi uchun barcha sharoit mavjud. 2008 yilning yurtingizda Yoshlar yili deb e’lon qilingani O‘zbekistonda yosh avlodga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. O‘zbekiston yoshlariga havas qilsa arziydi!
Vladimir Poddubniy, Oltoy o‘lkasidagi 22-gimnaziya o‘quvchisi (Rossiya):
- Mendeleyev olimpiadasida birinchi marta qatnashyapman. Bu yerdagi do‘stona muhit meni nihoyatda ta’sirlantirdi. Mamlakatingiz haqidagi taassurotlarim bir olam. Olimpiada sharofati bilan turli mamlakatlardan kelgan o‘quvchilar, xususan, o‘zbekistonlik tengdoshlarim bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘layotganimdan xursandman.

manba: uza.uz |