“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi va O‘zbekiston yoshlarining “Kamolot” ijtimoiy harakatining “Kamalak” bolalar tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan “Yangi avlod-2008” Respublika bolalar ijodiyoti festivalining Toshkent shahar saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Navqiron avlodning qobiliyati, ijodiy salohiyati, iste’dodining yuzaga chiqishi uchun ko‘maklashish borasida yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samaralarini bermoqda. Yoshlar yilida bu boradagi ezgu ishlar salmog‘i tobora ortmoqda. Jumladan, musiqa, rassomlik, san’at va madaniyat sohalarida bolalarning qobiliyatini aniqlash hamda rivojlantirish uchun sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi vazifalar ijrosini ta’minlashda vazirliklar, idoralar va muassasalar bilan birga jamoat tashkilotlari, jumladan, “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi ham munosib hissa qo‘shib kelyapti.
Jamg‘armaning mazkur yo‘nalishdagi loyihalaridan biri bo‘lgan “Yangi avlod” Respublika bolalar badiiy ijodiyoti festivali iste’dodli o‘g‘il-qizlarni aniqlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z mahoratini namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Yangi avlod-2008”ning Toshkent shahar saralash bosqichida o‘z iste’dodini namoyish etgan qariyb uch ming nafar boladan o‘ttiz yetti nafari poytaxtimiz bo‘yicha yakunlovchi bosqichga yo‘llanma oldi. Uchtepa tumanidagi 296-maktabning to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Xonzoda Fazliddinova – ularning biri.
– “Yangi avlod” festivalida qatnashganimdan juda xursandman, – deydi X.Fazliddinova. – Yoshlar ijod saroyida o‘tgan ushbu tadbirda yangi qo‘shiqlar, she’rlar, raqslar o‘rganish bilan birga yangi do‘stlar orttirganimdan ham xursandman.
Festivalning Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari “Yangi avlod-2008”ning respublika bosqichidagi gala-konsertda ishtirok etadilar.
O‘zA |