MYP.UZ  
  RSS
      Yangiliklar
Siyosat
Iqtosodiyot
Jamiyat
Texnologiyalar
Madaniyat
Sport

      Tasodifiy fotosurat

O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva.

Yangiliklar

Izlash

[ Bosh sahifa | Yaxshisi | Mashhurlari | Ro’yhat ]

Yangiliklar » Madaniyat
Jahon nigohidagi san’at anjumani

Registon“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali sharqona ma’no-mazmuni, betakror ruhi va qiyofasi bilan dunyodagi ko‘plab boshqa san’at va musiqa festivallaridan ajralib turadi. Ushbu musiqa anjumani Sharq olamini va falsafasini, betakror go‘zallik va nafosatni tarannum etishi, inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib boradigan kuy va qo‘shiqlarni ifoda etishi bilan har bir insonni o‘ziga maftun qiladi.



“Sharq musiqasi – Sharq falsafasi, Sharq dunyosining uzviy bir qismidir. Sharq musiqasining jahon madaniy merosida tutgan o‘rni benihoya buyuk”.
(Islom Karimov)

Musiqa insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyotlaridandir. Musiqa tili, millati, dini va urf-odatidan qat’i nazar, yer yuzidagi ko‘plab millat va xalqlarni birlashtiradigan qudratli va ta’sirchan vositalardan biridir. Inson qalbiga yuksak va olijanob tuyg‘ularni singdirish, uni ezgu va xayrli ishlarga da’vat etishda, ma’naviyatini yuksaltirishda musiqaning o‘rni va ahamiyati beqiyos.

Xalqimizning musiqa madaniyati uzoq tarixga ega. Bu haqda shohidlik beruvchi topilmalarning eng qadimgisi Samarqand viloyati Urgut tumani Mo‘minobod qishlog‘idan topilgan jonivor suyagidan yasalgan sivizg‘i – naydir. Uning yasalganiga qariyb to‘rt ming yil bo‘lgan. Samarqanddagi ko‘hna Afrosiyob devoriy suratlarida aks etgan xonanda va sozandalar tasviri ham bu fikrni tasdiqlaydi. Ajdodlarimizning musiqa madaniyati Buyuk ipak yo‘li orqali Xitoy, Koreya va Yaponiyagacha yetib borgan. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlarimiz musiqa madaniyatining ilmiy muammolari bilan shug‘ullanganlar va musiqaning ilmiy, falsafiy, umuminsoniy xususiyatlarini tahlil qilganlar.

Sohibqiron Amir Temur davrida madaniyat, jumladan, musiqa madaniyati yuksak bosqichga ko‘tarilgan. Bu davrda Samarqand va boshqa shaharlarda musiqiy anjumanlar o‘tkazilgani, unda turli yurtlardan kelgan musiqachilar o‘z san’atini namoyish etgani tarixiy manbalarda o‘z in’ikosini topgan.

Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘zligimizni anglash, boy tariximizni, serqirra madaniy merosimizni, milliy qadriyatlarimizni tiklash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar doirasida milliy musiqamizni chuqur o‘rganish va yanada rivojlantirish, bu borada erishgan yutuqlarimizni jahon uzra keng targ‘ib va tashviq etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan 1997 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali Sharq mamlakatlari xalqlari milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atining noyob namunalarini keng targ‘ib qilish, milliy musiqa an’analarini avaylab-asrash va rivojlantirish, yosh avlod qalbida san’atga mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, go‘zallikni, chin insoniy qadriyatlarni tarannum etish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlikni kengaytirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Ushbu nufuzli musiqa anjumanining mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilishi chuqur ramziy ma’noga ega. Aynan istiqlol sharofati bilan milliy musiqa san’atimizdan jahon ahlini keng bahramand etish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘nlab san’atkorlarimizning dunyo bo‘ylab milliy musiqamiz jozibasi va go‘zalligini namoyon etayotgani o‘zbek musiqa san’atining jahon miqyosidagi ixlosmandlari tobora ortib borishida muhim omil bo‘lmoqda.

Yoshlarimizni Vatanga muhabbat, umrboqiy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi yuksak musiqiy asarlar yaratish, yosh ijodkorlarni kamol toptirish borasida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, farzandlarimiz ongi va qalbiga musiqa sadolari, mumtoz kuy va qo‘shiqlar qanchalik chuqur kirib borsa, ular ma’naviyati shunchalik yuksaladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi qabul qilingani va izchil ijro etilayotgani musiqa san’atimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarni yanada yuksak pog‘onaga olib chiqdi. Ushbu hujjat yoshlar iste’dodini har tomonlama kamol toptirish, madaniy saviyasini yuksaltirish, farzandlarimizning milliy va jahon musiqa san’atining yuksak namunalaridan bahramand bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratish, boshlang‘ich musiqa ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, bolalar musiqa va san’at maktablarining faoliyatini rivojlantirishda g‘oyat katta ahamiyat kasb etmoqda.

Turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilayotgani musiqa sohasida ijod qilayotgan yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, yangi ijodiy marralar sari da’vat etishda muhim omil bo‘lmoqda. O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamkorligida xalqaro simfonik musiqa festivali, yosh ijrochilar, bastakorlar, musiqashunoslar ko‘rik-tanlovlarini tashkil etish an’anaga aylandi. Bu esa o‘zbek musiqa san’atining turli janr va yo‘nalishlarda tobora ravnaq topib borayotganining yana bir isbotidir.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali sharqona ma’no-mazmuni, betakror ruhi va qiyofasi bilan dunyodagi ko‘plab boshqa san’at va musiqa festivallaridan ajralib turadi. Ushbu musiqa anjumani Sharq olamini va falsafasini, betakror go‘zallik va nafosatni tarannum etishi, inson qalbining eng nozik nuqtalariga yetib boradigan kuy va qo‘shiqlarni ifoda etishi bilan har bir insonni o‘ziga maftun qiladi.


O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva.  O‘zA

– Xalqimizni jahon xalqlari musiqa san’atidan bahramand qilish va o‘z navbatida betakror milliy san’atimizni jahonga namoyon etishda “Sharq taronalari” musiqa festivali g‘oyat katta ahamiyat kasb etmoqda, – deydi “Sharq taronalari” I xalqaro musiqa festivalida birinchi o‘rin sohibasi bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva. – Ushbu musiqa bayramining o‘sib kelayotgan yoshlarimizni ezgu fazilatlar egasi etib tarbiyalash, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, ezgulik, mehr-muruvvat rishtalarini mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan san’atkorlar ijro etgan rang-barang taronalar, turli tillardagi qo‘shiqlarda ezgulik, tinchlik, do‘stlik, hamjihatlik, mehr-muhabbat kabi ezgu g‘oyalar tarannum etiladi.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida erishgan muvaffaqiyatim ijodiy faoliyatim davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlarim orasida alohida ajralib turadi. Sababi, har bir san’atkor o‘z yurtida o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro anjumanda g‘olib bo‘lishni chin dildan istaydi, ulkan mas’uliyat yukini his etadi.

O‘sha yili festivalda Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiluvchi “Ushshoq” qo‘shig‘ini, Miskin g‘azali bilan aytiluvchi “Ey dilbari jononim” katta ashulasini ijro etgandim. Bu qo‘shiqlar turli millat va elat vakillarini hayratga soldi. Bu, avvalo, Sharq musiqasiing uzviy va ajralmas qismi bo‘lgan mumtoz qo‘shiqchilik san’atimizning jozibasi, sehri, betakrorligi bilan bog‘liqdir. Negaki, mumtoz musiqamiz kishi ruhiyati, kayfiyati, ma’naviyatiga katta ijobiy ta’sir o‘tkazishdek buyuk qudratga ega. U insonni poklikka, ezgulikka, ma’naviy barkamollikka da’vat etadi, tinglovchini borliq, hayotning mazmun-mohiyatini anglab yetish kabi chuqur falsafiy mushohadaga undaydi. Shu bois milliy mumtoz musiqamizni jahonning barcha mamlakatlarida katta qiziqish, e’tibor va ehtirom bilan tinglaydilar.

Alohida ta’kidlashni istardimki, ushbu san’at bayrami sabab ko‘plab san’atkorlarning ijrosi jahon musiqa ixlosmandlari e’tiboriga tushdi, qo‘shiqlari dunyoga yoyildi. Festival tufayli ko‘plab mamlakatlarning xonandalari, bastakor va san’atshunos olimlari bilan yaqin ijodiy muloqotda bo‘ldik.

Bugun bu festival yirik va nufuzli musiqa anjumani sifatida jahon e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Bundan shu yurtning bir san’atkori, san’atsevar farzandi sifatida behad faxrlanaman.

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, bu festival bugungi notinch va murakkab zamonda elu elatlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa ohanglari orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish, tili, madaniyati, milliy qadriyatlari rang-barang bo‘lgan turli millat va elatlarni san’at vositasida mushtarak maqsadlar yo‘lida yaqinlashtirish kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishi bilan alohida e’tiborga sazovor.

Milliy an’analar va zamon ruhini o‘zida mujassam etgan bu san’at bayrami yer yuzidagi turli xalqlarning ma’naviy olami, orzu-intilishlarini ifoda etib, insonlarni do‘stlik va hamkorlikka chorlovchi ezgulik minbariga aylandi. Festival YUNESKOning xalqaro madaniy tadbirlari doirasiga kiritilishi dunyo san’at ahlida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Nafaqat Sharq mamlakatlari, balki dunyodagi boshqa ko‘plab davlatlar, xalqaro madaniyat tashkilotlari, mashhur san’at namoyandalarining bu festivalga e’tibori ortib, ishtirokchi mamlakatlar safi kengayib borayotgani buning yaqqol dalilidir.

Misol uchun, ilk bor o‘tkazilgan mazkur anjumanda 31 mamlakat vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, 2009 yilgi musiqa festivalida 47 davlatdan mohir sozanda va xonandalar qatnashdi.

Festival doirasida har bir qatnashchi o‘z xalqining milliy musiqa merosini, iste’dodi va mahoratini namoyon qilishga, ijodiy bellashuvlarda yuqori o‘rin va mukofotlarni egallashga harakat qilishi tabiiy, albatta. Mazkur festivalda turli yillarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan vakillarimizning muvaffaqiyati hammamizni quvontiradi.

Festivalning maftunkor Samarqand shahrida o‘tkazilishi bu anjumanga o‘ziga xos ma’no-mazmun baxsh etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Sharq olamining o‘lmas ruhini, uning qadimiy va hamisha navqiron qiyofasini, betakror me’moriy yodgorliklarni namoyon etadigan bu shahar va bu yerda yashayotgan, ko‘p asrlar davomida turli millat va elatlarning eng olijanob fazilat va xususiyatlarini, tili va tabiatini o‘zida mujassam etgan, mehmondo‘st va mehribon xalq bu festivalning uzviy, ajoyib bir qismiga aylanib, unga yangicha fayzu tarovat baxsh etadi.

Xalqimiz san’atni, musiqani butun qalbi bilan sevadi, ijod ahlini munosib qadrlaydi, har gal festival mehmonlarini do‘stlik elchilari sifatida samimiy kutib oladi. Festival ayni chog‘da ko‘plab ishtirokchilarning yurtimiz, boqiy Samarqand bilan tanishish orzusini ro‘yobga chiqarmoqda. Mehmonlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, xalqimizning yaratuvchanlik salohiyatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hayrati oshmoqda, havasi kelmoqda, yuksak baho bermoqda.

Joriy yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali sakkizinchi bor o‘tkaziladi. San’at anjumanining mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi tantanalariga hamohang tarzda o‘tishi unga o‘zgacha ruh baxsh etishi shubhasiz. Zero, aynan istiqlolimiz sharofati bilan bunday betakror festivalga asos solindi.

“Sharq taronalari” xalqaro festivalini yuksak saviyada o‘tkazish uchun har doim puxta tayyorgarlik ko‘riladi. Bu yil ham ushbu musiqa bayramiga nafaqat qadimiy va navqiron shahar ahli, balki mamlakatimizning barcha san’at namoyandalari, ijodkorlar qizg‘in hozirlik ko‘rmoqdalar.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida dunyo xalqlarining xonandayu sozandalari yana qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda jam bo‘ladilar. Vatan va tinchlikni, do‘stlik va insonparvarlikni, muhabbat va sadoqatni yuksak pardalarda tarannum etuvchi ohanglar taraladi. Bu navolar betakror Registon uzra olamga yoyiladi


Bookmark and Share
Joylashtirdi: Admin Sana: 14.03.2011 O’qishlar soni: 1051
0
Ðàñïå÷àòàòü

Shuningdek bog’liq maqolalarni ko’ring

25.02.2011 - Yoshlarga atalgan festival

Izohlar yo’q. Balki siz qoldirarsiz?

Sizning izohingiz administrator tekshiruvi va ruhsatidan so’ng joylanadi.

Sizning ismingiz:
Izoh:
Yashirin kod:
Yashirin kod
Qaytarish:
      User Info

Xush kelibsiz,
Mehmon

Ro’yhatdan o’tish yoki kirishRo’yhatdan o’tish yoki kirish
Parolni unutdingizmi?Parolni unutdingizmi?

Login:
Parol:

Ma’muriyatMa’muriyat:0
FoydalanuvchilarFoydalanuvchilar:0
Izlash tizimlariIzlash tizimlari:1
MehmonlarMehmonlar:6

YangilashBatafsilJamiJami:7

      So'rovnoma
“Màmlàkàtimizdà demokràtik islohotlàrni yanàdà chuqurlàshtirish và fuqàrolik jàmiyatini rivojlàntirish Konsepsiyasi” và undà ilgàri surilàyotgàn g’oyalàrdàn xàbàrdormisiz?

Ha
Yo'q
Endi tanishib chiqaman


Natijalar
Boshqa so’rovnomalar

Umumiy ovozlar: 106
Izohlar: 11

     
Design by Max Ganiyev © JET Media