Poytaxtimizda joriy yilning 12-17 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan madaniyat, san’at va moda sohasidagi yirik loyiha – Art Week Style.uz – 2009 haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
«Osiyo ramzi» O‘zbekiston modelyerlar uyushmasi rahbari Xolida Komilova, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda xalqimiz, ayniqsa yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, badiiy didi, tafakkurini boyitish, yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari da’vat etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Bu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlashda turli vazirlik, idora va muassasalar bilan birga jamoat tashkilotlari ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. «O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi» jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan qator loyihalar, ko‘rik-tanlovlar, ijodiy festivallar, konsert va ko‘rgazmalar turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan iste’dodli yigit-qizlarni aniqlash, ijodini yurtimiz va xalqaro miqyosda targ‘ib va tashviq etishdek ezgu maqsadga yo‘naltirilgandir. Ana shunday loyihalardan biri jamg‘arma va bir qator ijodiy tashkilotlar tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan moda va san’at haftaligidir.
Liboslar san’atidagi o‘ziga xos an’analar, milliylik va zamonaviylikni o‘zida mujassam etgan ushbu festivalning bu yilgisi ham madaniyat, san’at va moda sohasidagi turli ma’rifiy, rang-barang tadbirlarga boy bo‘ladi. Rassomlar, foto san’ati ustalarining qiziqarli ko‘rgazmalari, qadimgi noyob buyumlar namoyishi, konsertlar, ijodiy anjumanlar, taqdimot marosimlari o‘tkaziladi. Ayni paytda moda va tekstil sohasida izlanayotgan iqtidorli yoshlar, milliy matolarni tiklash ustida izlanish olib borayotgan dizaynerlarni aniqlash va rag‘batlantirish uchun grantlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Haftalikda yurtimiz ijodkorlari bilan birga Yaponiya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Italiya kabi davlatlardagi yetakchi moda uylarining vakillari, rassom va dizaynerlar ishtirok etishi kutilmoqda. Haftalik tadbirlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, Milliy san’at markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida bo‘lib o‘tadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
O‘zA |