Poytaxtimizda muvaffaqiyatli davom etayotgan “Style.Uz-2008” dizayn va moda haftaligi doirasida Yoshlar ijod saroyida “Dom stilya” Toshkent modalar uyi modelyerlari va xorijlik dizaynerlar tomonidan yaratilgan namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Namoyishning birinchi qismida Dildora Qosimova, Munira Alimuhamedova, Umida Yusupova, Elmira Ibrohimova, Oygul Umurgazina kabi o‘zbekistonlik mahoratli modelyerlarning ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Ular milliy va zamonaviy yo‘nalishni o‘zida mujassam etgani, qadimiy beqasam, adras, shoyi kabi matolarimizdan tayyorlanganligi va ayni paytda betakrorligi bilan ahamiyatlidir.
– Men o‘tgan yillarda ham Dizayn va moda haftaligida qatnashgan edim, – deydi Dildora Qosimova. – “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi ko‘magida o‘tgan yili bir qator xorijiy davlatlarda liboslar to‘plamim namoyish etildi. Dizayn va moda haftaligi biz, yoshlarga jahon miqyosidagi nomdor modelyerlar bilan bir sahnada o‘z ijodimizni namoyish etish imkonini bermoqda. Bu bizga mamnuniyat bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Biz mamlakatimizda yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban yanada faol o‘qib-o‘rganishimiz va fidoyilik bilan mehnat qilishimiz lozim.
Tadbirda, shuningdek, Avstriya, Fransiya, Italiya modalar uyi hamda hindistonlik dizayner Sunit Varma yaratgan liboslar to‘plamlari namoyish etildi. O‘zA |