Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Toshkent Chellenjer – 2009” xalqaro turnirning dastlabki bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan raketka ustalari chorak final yo‘llanmasi uchun kuch sinashmoqda.
Ikkinchi bosqichda turnirning o‘tgan yilgi g‘olibi Yen Sun Lu (Xitoy Taypeyi) ukrainalik Aleksandr Dolgopolovga imkoniyatni boy berdi. Garchi taypeylik tennischi birinchi setni 7:6 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa-da, qolganlarida 6:3, 6:3 hisobida raqibining ustunligini tan olishga majbur bo‘ldi.
Yakkaliklar bahsida ketma-ket ikkinchi marotaba g‘alaba qozongan kiprlik Markos Bagdatis, rossiyalik Aleksandr Kudryavsev va Andrey Kumansov ham bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
“Toshkent Chellenjer – 2009” musobaqasining juftliklar bellashuvida uchta duet yarim finalga yo‘llanma oldi. Mamlakatimizning yetakchi tennischilari – Denis Istomin va Murod Inoyatov chorak finalda Rossiyadan kelgan Mixail Yelgin va Yevgeniy Kirillovni 6:3, 6:0 hisobida mag‘lub etdi. Endi mazkur juftlik ispaniyalik Inigo Servantes-Xuegun va Gilyermo Olasodan 6:3, 6:4 hisobida ustun kelgan Rohan Bopanna (Hindiston) va Yen Sun Lu (Xitoy Taypeyi) bilan finalga chiqish uchun o‘zaro kuch sinashadi.
Chorak finalning yana bir bellashuvida slovakiyalik Lukash Latsko va chexiyalik Yiri Krkoshka juftligi Martin Klizan (Slovakiya) va Yuriy Shukinni (Qozog‘iston) 7:5, 6:7, 13:11 hisobida yengdi.
O‘zA |