Latviyaning Riga shahrida dzyudo bo‘yicha «Golden score» IV xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Mirali Sharipov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
«Golden score» – xalqaro turniri dzyudoning maxsus qoidalari asosida o‘tkaziladi. Qoidaga ko‘ra, har bir bellashuv ikki dzyudochidan biri dastlabki ochkoni qo‘lga kiritguncha davom etadi va birinchi bo‘lib usul ishlatgan sportchi g‘olib chiqadi. Bu usul bahslarning keskin va murosasiz o‘tishini ta’minlaydi. Sportchilarda jismoniy kuch, chaqqonlik, tezkorlik, topqirlik, abjirlik va tez qaror qabul qilish kabi xususiyatlarni shakllantiradi.
O‘zbekistonning eng kuchli dzyudochilaridan hisoblangan M.Sharipov Rigadagi musobaqada oltmish olti kilogramm vazn toifasida tatamiga chiqdi. Saralash uchrashuvlarida barcha raqiblarini mag‘lub etgan hamyurtimiz finalda mezbonlar vakili Denis Kozlov bilan bellashdi. Hal qiluvchi bahsda o‘zbek polvoni raqibini to‘qqiz soniya ichida mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
O‘zA |