Poytaxtimizda erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Xalqaro sport kurashlari federatsiyasi – FILAning “Oltin Gran-pri” turkumidan joy olgan “O‘zbekiston Mustaqilligi kubogi” xalqaro turniri yakunlandi.
Mazkur musobaqada yigirmaga yaqin mamlakatdan kelgan yuzdan ziyod polvon g‘oliblik uchun gilamga chiqdi. Ishtirokchilar orasida Olimpiada o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlarining ko‘pligi bellashuvlarning keskin va murosasiz o‘tishini ta’minladi.
Turnirda mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida jahon miqyosidagi musobaqalarda yurtimiz sha’nini himoya qilib kelayotgan tajribali kurashchilar bilan birga iqtidorli yoshlar ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ular qayd etgan natijalar tajribali kurashchilarimizga munosib o‘rinbosarlar voyaga yetayotganini ko‘rsatdi.
To‘rt kun davom etgan musobaqada hamyurtlarimiz qo‘lga kiritgan medallardan yettitasi yunon-rum kurashchilari hisobiga to‘g‘ri keldi. O‘z vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etgan iqtidorli kurashchilar – Eldor Hafizov va Jahongir Mo‘minov oltin, Sanjar Jumashev, Azizbek Murodov, Vladimir Gegeshidze kumush, Suhbat Xo‘jayev va Shmaga Guliashvili bronza medal bilan taqdirlandi.
Qolgan vazn toifalarida rossiyalik Yevgeniy Achkasov, ozarboyjonlik Sakit Jalilov, turkiyalik Yunus Emre Jo‘mlekchi o‘g‘li, qozog‘istonlik Nurmaxon Tinaliyev va Beybit Nugmanov g‘olib chiqdi.
Erkin kurash ustalaridan Osiyo chempioni Qurbon Qurbonov 96 kilogramm vazn toifasida final uchrashuvida qozog‘istonlik Daulet Shabanbayni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Jahon chempioni Dilshod Mansurov kumush, Pekin Olimpiadasi sovrindori Soslan Tigiyev, Ixtiyor Navro‘zov va Alixon Vohidov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Rossiyalik jahon chempioni Bilol Maxov, Magomed Zubairov, Ashot Teteryan, ukrainalik Yevgeniy Xavilov, gruziyalik Koba Kakaladze va eronlik Ehson Lashkariy ham “O‘zbekiston Mustaqilligi kubogi” xalqaro turniri shohsupasining yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Bellashuvlarni kuzatib borgan Xalqaro sport kurashlari federatsiyasi prezidenti Rafael Martinetti, FILA vakillari, hakamlar va xorijlik mehmonlar “O‘zbekiston Mustaqilligi kubogi” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etilgani va bellashuvlar halol, qizg‘in kurashlarga boy bo‘lganini alohida ta’kidladilar.
O‘zA |